Surxondaryoda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishning zamonaviy strategiyalari o‘rganilmoqda
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda uning hududiy boshqarmalari tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi doirasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari uchun seminarlar tashkil etish davom etmoqda.
17-oktabr kuni Termiz shahrida “Meva-sabzavot mahsulotlarini daladan iste’molchiga yetkazib berish zanjirini rivojlantirishda xalqaro tajriba” mavzusida navbatdagi o‘quv seminari tashkil etildi. Unda shahar va tumanlar hokimliklari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi korxonalar rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirda tashqi bozorlarda marketing tadqiqotlari o‘tkazish, turli mamlakatlarda mahsulotlarga bo‘lgan talabni o‘rganish, mahsulot yetishtirish va jahon bozorlariga yetkazib berishning to‘liq jarayonini tashkil etishni muvofiqlashtirish bo‘yicha zarur ko‘nikmalarni shakllantirish muhimligi ta’kidlandi.
Xalqaro trenerlar ishtirokidagi seminarda marketing strategiyalarini ishlab chiqish uslublari taqdim etildi, bozor tendentsiyalarini o‘rganish, xatolarni tahlil qilish, mahsulotlarni ilgari surish strategiyalarini ishlab chiqish, raqobat, xavf va istiqbollarni baholash bo‘yicha ma’ruzalar va muhokamalar o‘tkazildi.