“Toshkent Pharma Park”ni rivojlantirish bo‘yicha ishlarning olib borilishi o‘rganildi
Joriy yilning 1-iyul kuni “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov boshchiligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Davlatimiz rahbari tomonidan farmatsevtika tarmog‘ida loyihalarni hayotga joriy qilish va istiqbolli vazifalarni amalga oshirish yuzasidan berilgan topshiriqlar ijrosi ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda vazirlik, farmatsevtika klasteri va uni rivojlantirish bo‘yicha Direksiyasi, ISSV huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda “Asakabank” AJ rahbariyati ishtirok etdi.
Yig‘ilish chog‘ida klaster va sanoat zonasi hududida mahalliy va xorijiy investorlar tomonidan investitsiya obyektlarini qurish bo‘yicha ko‘rilgan choralari o‘rganildi. Tegishli rahbarlarning bajarilgan ishlar, xususan, klaster hududidagi Farmatsevtika texnika universiteti ilmiy-tadqiqot markazi va o‘quv binosi qurilishini jadallashtirish bo‘yicha hisobotlari tinglandi. Berilgan topshiriqlarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishi uchun barcha mas’ullar shaxsan javobgar ekanligi haqida ogohlantirildi.
Loyihalarni amalga oshirishning tasdiqlangan jadvallariga muvofiqligi ustidan har kuni monitoring olib borish, obyektlarni ishga tushirishni jadallashtirish uchun zarur resurslardan o‘z vaqtida foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Ma’lumot uchun: “Tashkent Pharma Park” O‘zbekistondagi birinchi farmatsevtika klasteridir. Uning hududida bir qator loyihalarni amalga oshirish, jumladan, ilmiy-tadqiqot, ma’muriy va ishlab chiqarish obyektlarini qurish rejalashtirilgan. Klasterning umumiy maydoni 130 gektarga teng, shundan 90 dan ortig‘i farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish sanoat zonasi hisoblanadi.