Toshkent shahrining bir qator tumanlarini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish chora-tadbirlari muhokama qilindi
Joriy yilning 28-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjaev rahbarligida Toshkent shahar Shayxontohur tumani hokimligidagi studiyadan videokonferensaloqa tarzida poytaxtning bir qator tumanlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning bugungi holati va ularni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari rahbarlari hamda mazkur tumanlarga biriktirilgan ishchi guruhlar tarkibiga kiritilgan Yashnobod, Bektemir, Chilonzor, Mirzo Ulug‘bek, Shayxontoxur va Yunusobod tumanlari mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida 10 ta yo‘nalish bo‘yicha hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining bugungi holatini o‘rganish yuzasidan olib borilayotgan ishlar, aniqlangan muammoli masalalar, ularni tezkorlik bilan hal etish ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida Ishchi guruhlar mas’ul rahbarlarining hisobotlari tinglandi.
Xususan, Toshkent shahrining 6 ta tumanida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalariga ko‘ra, 2721 ta muammoli masala aniqlangan bo‘lsa, shundan 1819 tasi bevosita joylarda hal etilgan. Qolgan 903 ta masala boʻyicha aniq chora-tadbirlar, masʼul ijrochilar va amalga oshirish muddatlari koʻrsatilgan holda har bir tuman kesimida “Yoʻl xaritalari” ishlab chiqish topshirildi.
Sanoat ishlab chiqarish bazasini yanada kengaytirish, eksport hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, umuman, aholi daromadlarini oshirish va turmush darajasini yuksaltirishda tadbirkorlar muammolarini aniqlash va hal etish, ularni qo‘llab-quvvatlash boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish muhimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida ishchi guruhlar rahbarlariga har haftada “Yo‘l xaritalari”ning har bir bandi ijrosi yuzasidan atroflicha hisobotlarni kiritib borish vazifasi yuklatildi. Hisobotlar Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi majlislarida ko‘rib chiqiladi.