Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Toshkent tumanlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

Joriy yilning 30 avgust kuni Bosh vazir o'rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev rahbarligidagi va tegishli bo'lim boshliqlaridan iborat ishchi guruh Toshkent shahrining Chilonzor tumani ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy rivojlanishining hozirgi holatini joyiga chiqib o'rganib keldi.

Xususan, bir qator ishlab chiqarish ob'ektlarining faoliyati o'rganildi hamda mahalliy tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilar bilan ularni qiynab kelayotgan dolzarb masalalar va muammolar muhokama qilindi.

Guruh tomonidan "KENT FOOD" ip kalava ishlab chiqarish korxonasi va "FINLAND BUTTER" qandolat mahsulotlar fabrikasi faoliyati bilan tanishildi. Korxonalarga tashrif buyurish jarayonida tadbirkorlar texnologik jarayon haqida batafsil ma'lumot berib, ishlab chiqarishni yanada kengaytirish rejalarini taqdim etdilar. Ular ko'targan barcha muammoli masalalar zudlik bilan nazoratga olindi. Mas'ul rahbarlarga masalalarni hal qilish choralarini ko'rish topshirildi.

Shuningdek, o'rganish doirasida Toshkent shahrining Chilonzor va boshqa tumanlari hokimiyat organlari rahbariyati bilan videokonferentsiya tarzida investitsiyaviy, sanoat va savdo faoliyatini jadallashtirish, yangi ish o'rinlari yaratish va aholi daromadlarini ko'paytirish bo'yicha olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirishga bag'ishlangan yig'ilish bo'lib o'tdi.

Shahar tumanlarida ro'yxatdan o'tgan 60 mingdan ortiq korxonalarni inventarizatsiya qilish, mahalliy aholi uchun qo'shimcha ish o'rinlari yaratish imkoniyatlarini aniqlash, shuningdek, zarur malaka va kasbiy ko'nikmalar o'zlashtirilishi uchun sharoit yaratish topshirildi.

Yig'ilish yakunida vazirlik, idora va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlariga Toshkent shahar tumanlarining kompleks rivojlanishini yanada rag'batlantirish bo'yicha manzilli topshiriqlar berildi.