Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Toshkentda “O‘zbekiston uchun Yevropa Ittifoqining Preferensiyalar bosh tizimi plyus (“GSP+”) imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi

22-noyabr kuni Yevropa Ittifoqi Preferensiyalar bosh tizimi Plus (“GSP+”)ning boshqa benefitsiar mamlakatlar qatorida O‘zbekiston uchun amaldagi muddatini keyingi to‘rt yilga, 2027-yil 31-dekabrgacha uzaytirishga qaror qildi.

Bu haqida 2023 yilning 23 noyabr kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi tomonidan birgalikda “O‘zbekiston uchun Yevropa Ittifoqining Preferensiyalar bosh tizimi plyus (“GSP+”) imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida eʼlon qilindi.

Ushbu tadbirda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi, Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlarning O‘zbekistondagi elchixonalari, vazirlik va idoralar, xususiy sektor hamda mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Matbuot anjumani ochilishida Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Elchisi Sharlotta Adrian quyidagilarni taʼkidladi:

“GSP+” Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorligi tarixining haqiqiy muvaffaqiyat zarvarag‘iga aylanib borayotganini ko‘rishdan mamnunman. Bu mamlakatingizdagi xususiy sektorga katta turtki bo‘lib, 448 million isteʼmolchiga ega Yevropa bozorlariga kirishni osonlashtiradi, Yevropa va O‘zbekiston kompaniyalari o‘rtasida mustahkam hamkorlikni rag‘batlantiradi va chegaralarda sezilarli tejashlarga olib keladi.

Siyosiy nuqtai nazardan, “GSP+” BMTning 27 ta konvensiyasini amalga oshirish orqali inson va mehnat huquqlari, samarali boshqaruv va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida xalqaro standartlarga erishish bo‘yicha O‘zbekistonning strategiyasini to‘liq mos keladi.

“GSP+” muddatini uzaytirish xususiy sektor uchun ishlarini yana-da samarali rejalashtirish imkonini beradi va Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi islohotlar jarayonini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha sodiqligining qo‘shimcha belgisi hisoblanadi”.

Shuningdek, ushrashuv davomida O‘zbekiston Rsepublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Abidov ham so‘zga chiqib, quyidagilarni aytib o‘tdi:

“Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonga “GSP+” benefitsiar mamlakati maqomini berishi va ushbu imtiyozlar muddatini uzaytirish bo‘yicha qabul qilgan qarori bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyov rahbarligida mamlakatda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar, jumladan davlat boshqaruvi va fuqarolik jamiyatining kuchli institutlariga ega demokratik davlatni shakllantirish bo‘yicha aniq o‘zgarishlarning yaqqol xalqaro eʼtirofidir.

“GSP+” doirasidagi imtiyozlardan ijobiy foydalanish bilan bir qatorda biz kelgusida ham ushbu mexanizm monitoringi jarayonlarida Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik qilish va tegishli xalqaro konvensiyalar talablarini amalga oshirishda birga ishlashga tayyorligimizni bildiramiz.

Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi bilan “GSP+” doirasidagi hamkorligimiz mamlakatimizda bozor iqtisodiyotini shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tub islohotlarni yana-da kengaytirish maqsadida yevropa tomoni bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarimizni yana-da kengaytirishda sezilarli turtki bo‘lishidan manfaatdormiz”.

Shuningdek, tadbirda so‘zga chiqqan “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi maslahatchisi Shahzoda Quchqorova va “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi maslahatchisi Bektemir Murodov tomonidan “GSP+” doirasida taqdim etilayotgan imtiyozlarning mamlakatning yuksak salohiyatga ega bo‘lgan to‘qimachilik va elektrotexnika sanoatlaridagi ahamiyati alohida eʼtirof etildi.

Taʼkidlash joiz, Yevropa Ittifoqi bilan savdo munosabatlarini mustahkamlash va O‘zbekistonning eksport geografiyasini kengaytirish yuzasidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida, 2022 yil yakuni holatiga 628 ta korxona tomonidan (2021 yilning mos davriga nisbatan 116 ta ortiq) 647 mln. dollar miqdorida, yaʼni 2020 yilga nisbatan (292 mln. dollar) qariyb 2 barobardan ortiq hajmdagi mahalliy mahsulotlar Yevropa bozorlariga chiqarilgan.

Jumladan, “GSP+” doirasidagi imtiyozlar asosida to‘qimachilik sanoatida – 177,4 mln. doll. (2021 yilga nisbatan o‘sish – 126,4 foiz), kimyo sanoatida – 138,3 mln. doll. (4,7 barobar), qishloq ho‘jaligi va oziq ovqat sanoatida – 19,7 mln. doll. (103 foiz), elektrotexnika sanoatida – 9 mln. doll. (117 foiz) miqdoridagi mahsulotlar Yevropa bozoriga eksport qilindi.

2022 yilda “GSP+” tufayli o‘zbekistonlik eksportchilar 28 million yevroga teng import bojlarini tejab qolishdi. Bu Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston xususiy sektorini rivojlantirishga qo‘shgan katta hissasidir. 2019 va 2022 yillar oralig‘ida bu ko‘rsatkich o‘n baravardan ko‘proq o‘sdi.

Yevropa Ittifoqi “GSP+” monitoringi Komissiyasining bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida eʼlon qilingan hisobotida O‘zbekiston xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik, zo‘ravonlikka qarshi kurashish, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarni yaxshilash bo‘yicha bir qator qonun hujjatlarini qabul qilish orqali BMT konvensiyalarini amalga oshirishda muhim yutuqlarga erishgani eʼtirof etilgani taʼkidlandi.

“GSP+” imtiyozlar tizimining benefitsiar maqomi O‘zbekiston va Yevropa biznesi vakillari o‘rtasida o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish imkoniyatini yaratadi.

Yana bir ijobiy jihati – aholi farovonligiga ijobiy taʼsir ko‘rsatilayotganligi, yaʼni savdo aloqalarining chuqurlashishi mamlakatimizda ishbilarmonlikni kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilmoqda.