Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Toshkentda Savdo va sanoat bo'yicha O'zbekiston-Britaniya kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 22-noyabr kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari Badriddin Abidov Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Tim Torlot bilan uchrashdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Xususan, Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish jarayonini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha kelgusidagi oʻzaro hamkorlikning amaliy jihatlari, Enchanced GSP+ preferentsiyalarining kengaytirilgan tizimi doirasidagi munosabatlarni mustahkamlash, shuningdek, joriy yilning 30-noyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Savdo va sanoat bo'yicha O'zbekiston-Britaniya kengashining navbatdagi 26-yigʻilishini oʻtkazishning tashkiliy masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining turli sohalarda faoliyat yuritayotgan yetakchi kompaniyalarning 200 ga yaqin vakillarini ro‘yxatga olgan Kengashda ishtirok etishga qiziqishi ortganini qayd etdilar.

Shuningdek, xorijiy tomon O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoni doirasida mamlakatimizga konsalting va texnik yordam ko‘rsatish orqali qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar muhokama qilingan barcha loyiha va tashabbuslarni muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida o‘zaro hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar.