Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Transport va logistika sohasidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi

Joriy yilning 21-sentabr kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev rahbarligida transport va logistika sohasida xizmat ko'rsatuvchi tadbirkorlar bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Asosiy e'tibor xalqaro transport hajmini yanada oshirish va transport yo'laklarini diversifikatsiya qilish masalalariga qaratildi.

Yig'ilishda vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari rahbarlari hamda 50 dan ortiq yirik ishlab chiqaruvchilar, eksportchilar va ekspeditorlik kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Muloqot davomida eksport mahsulotlarini xalqaro bozorlarga yetkazish bilan bog'liq masalalar va takliflar, xususan, aviatashuvchilar, temir yo'l va avtomobil transporti kompaniyalari oldida turgan muammolar har tomonlama ko'rib chiqildi.

Iqtisodiyotga to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish natijasida yuzaga kelgan mamlakatning ishlab chiqarish va eksport salohiyatining izchil o'sishi ta'kidlandi. 2026 yilda yalpi ichki mahsulot hajmi 100 milliard dollarni, eksport hajmi esa 30 milliard dollarni tashkil etishi rejalashtirilmoqda. Shu nuqtai nazardan, eksport-import operatsiyalarida ro'y berayotgan muammolar va mavjud to'siqlar tahlil qilindi. Tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari yuzaga kelayotgan muammolarni hal qilish va ularning oqibatlarini bartaraf etish bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlar to'g'risida hisobotlar taqdim qilishdi.

Bildirilgan masalalar va takliflarni tahlil qilish natijasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan eksportga yetkazib berishning barqarorligini ta'minlash bo'yicha manzilli chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun tegishli vazirlik va idoralar rahbarlaridan iborat ishchi guruh tuzish topshirildi.