Turk kompaniyalari O'zbekistonga sarmoya kiritishga qiziqish bildirmoqda
O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Turkiyaning "Tashyapi" kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda mamlakatimizda investitsiya loyihalarini amalga oshirishga kompaniya imkoniyatlarini jalb etishni nazarda tutgan holda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Ma'lumot uchun: "Tashyapi" kompaniyasi 1980-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Kompaniya faoliyatining asosiy yo'nalishlari energetika, qurilish, turizm, tog'-kon sanoati, sog'liqni saqlash va infratuzilmani rivojlantirishdan iborat. Kompaniyaning yillik aylanmasi 1,9 milliard dollarga yetadi. U Qozog'iston, Rossiya, Turkmaniston, BAA, Iroq va Liviya kabi mamlakatlarda o'z loyihalarini amalga oshiradi.
"Tashyapi" avtomobil yo'llar va aeroportlar qurish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, elektr uzatish liniyalarini o'tkazish, qimmatbaho metalllarni qazib olish va geologiya-qidiruv ishlarini olib borish yo'nalishlarida infratuzilmaviy loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etishga qiziqish bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o'zaro munosabatlarni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirib, kompaniyaning O'zbekistonda investitsiya loyihalari va tashabbuslarini amalga oshirishda ishtirok etish istiqbollarini batafsil muhokama qilish maqsadida hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar.