Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Turkiya biznesi O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor

Joriy yilning 28-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi hukumat delegatsiyasining Turkiyaga tashrifi doirasida Bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Turkiya uy-joy qurilish boshqarmasi (TOKI) rahbari O'mer Bulut va bir qator yirik turk kompaniyalari rahbarlari: Ahmet Cengiz (Jengiz Holding), Hakki Akil (Chalık Holding), Juneyt Uygun (AKSA Enerji)larni qabul qildi. Muzokaralarda amalga oshirilayotgan joriy qo'shma loyihalar hamda yangi investitsiyaviy tashabbuslarni hayotga tatbiq etish istiqbollari muhokama qilindi.

O'mer Bulut bilan suhbat chog‘ida Turkiyada qo‘llanilayotgan, keng aholi qatlamini uy-joy bilan ta’minlashga mo‘ljallangan ijtimoiy uy-joy qurilishi tizimining samarali mexanizmi o‘rganildi. TOKI rahbari Turkiyaning ilg‘or tajribasini O‘zbekistonda joriy etishda barcha zarur yordamni ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Jengiz Holding direktorlar kengashi aʼzosi Ahmet Jengiz bilan Oʻzbekiston energetika sohasidagi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Korxona rahbariyati mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni yuqori baholab, kimyo va tog‘-kon sanoati, energetika va qurilish sohalarida yangi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

Aksa Enerji boshqaruv kengashi a'zosi Juneyt Uyg'un bilan 290 million dollarlik joriy loyihalarni amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi. Turkiya tomoni O‘zbekistonning qator hududlarida elektr stansiyalari, gaz taqsimlash tizimlarini qurish va modernizatsiya qilishda, shuningdek, birgalikda elektr generatorlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va mamlakatning tarixiy shaharlarda zamonaviy mehmonxonalar qurishda ishtirok etishga qiziqishini bildirdi.

Xuddi shunday ruhda Chalik Holding kompaniyasi boshqaruvi a'zosi Haqki Akil bilan ham suhbat bo'lib o'tdi. Kompaniya O'zbekistonda 250 million dollarlik ko'p tarmoqli biznes markazini qurish loyihasini amalga oshirmoqda. Qayta tiklanadigan energetika sohasida yangi loyihalarni o‘rganish va ishlab chiqish, shuningdek, O‘zbekistonda DXSh asosida tibbiyot muassasalarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuvlar yakunida loyihalarni amalga oshirishning moliyaviy va texnik jihatlarini batafsil muhokama qilish va ishlab chiqish uchun joriy yilning noyabr oyida kompaniyalar vakillarining O‘zbekistonga tashriflarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.