Xalqaro moliya institutlari mablag'larini jalb qilgan holda investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayoni ko'rib chiqildi
21-sentabr kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev rahbarligida videokonferentsaloqa tarzida xalqaro moliya institutlari mablag'lari jalb qilingan loyihalarni amalga oshirish jarayonini tahlil qilishga bag'ishlangan yig'ilish bo'lib o'tdi.
Yig'ilishda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirok etdi.
2022-yil uchun Davlat investitsiya dasturi doirasida xalqaro moliya institutlari mablag'larini jalb qilgan holda jami qiymati 14,2 milliard dollar bo'lgan 111 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilayotgani, shundan yil oxirigacha 2,2 milliard dollar o'zlashtirilishi rejalashtirilgani ta'kidlandi. Shuningdek, yil oxirigacha umumiy qiymati 2,4 milliard dollar bo'lgan 29 ta investitsiya loyihasi foydalanishga topshiriladi.
Hududlar va tarmoqlar kesimida yuqoridagi loyihalarni amalga oshirish jarayoni ko'rib chiqildi. Tender o'tkazish va tender takliflarini baholash, loyihalarning texnik-iqtisodiy parametrlarini muvofiqlashtirishga sarflanadigan vaqtni qisqartirish imkoniyatlari o'rganildi. Loyihalarni amalga oshirish guruhlari xodimlarining malakasini oshirish va pudrat tashkilotlari tomonidan loyihalarni hayotga joriy etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligi ta'kidlandi.
Loyihalarni amalga oshirishga mas'ul bo'lgan vazirlik va idoralar rahbarlariga yuqoridagi kechikish holatlarining oldini olish, jalb etilayotgan xorijiy investitsiyalarning maqsadli o'zlashtirilishini ta'minlash hamda loyihalarni o'z vaqtida ishga tushirish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar ko'rish vazifasi yuklatildi.
Yig'ilish yakunida tegishli rahbarlarning shaxsiy javobgarligi ta'kidlandi va belgilangan vazifalarni sifatli bajarish doirasida qo'shimcha topshiriqlar berildi.