Xalqaro yuk tashish sohasida O‘zbekiston-Yaponiya hamkorligini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi
Joriy yilning 2-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir maslahatchisi Abdulla Hoshimov va Yaponiya Savdo assotsiatsiyasining MDH bo‘yicha Iqtisodiy tadqiqotlar instituti (ROTOBO) bosh direktori Takafumi Nakay rahbarligidagi delegatsiya o‘rtasida muzokaralar bo‘lib otdi.
Suhbat chog‘ida xalqaro yuk tashish, tranzit, transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, “Osiyo – Markaziy Osiyo – Yevropa” yo‘nalishida yangi transport yo‘laklaridan foydalanish bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Yaponiya va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarini Markaziy Osiyo bilan bog‘laydigan yangi muqobil transport yo‘laklarini o‘rganish va tashkil qilishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mamlakatimiz transport parkini modernizatsiyalash, xalqaro yuk tashish jarayonlarini raqamlashtirish va respublikada yangi logistika markazlarini yaratishga Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari sarmoyalarini jalb qilish istiqbollari muhokama qilindi.
Takafumi Nakay ikki tomonlama investitsiyayaviy, savdo-iqtisodiy sheriklikning barqaror o‘sishini ko‘zlab ikki davlatning o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash bo‘yicha yangi amaliy takliflarni amalga oshirish doirasida hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyorligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan loyiha va tashabbuslar doirasida hamkorlikni yanada kengaytirishga sodiqliklarini bildirdilar.