Xorazm viloyatida oʻrganish otkazildi
Joriy yilning 1-aprel kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov boshchiligidagi mas’ul idoralar, tarmoq birlashmalari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlaridan iborat ishchi guruh Xorazm viloyatidagi qator obyektlarga tashrif buyurdi.
Tashrif chogʻida eksport faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va sanoat ishlab chiqarishini koʻpaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligi, hududiy investitsiya dasturini jadal amalga oshirish borasidagi ishlarning borishi oʻrganildi, shuningdek, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha amaliy choralar ishlab chiqildi. Loyiha tashabbuskorlari, ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha aniq maqsadli chora-tadbirlarni kuchaytirish zarurligi alohida taʼkidlandi. Har bir yirik loyiha va tarmoq ishlab chiqarish obyektlari oldiga qo‘yilgan vazifalarga muvofiq Vazirlik va uning tasarrufidagi tashkilotlar xodimlari tomonidan tadbirkorlarning muammolarini aniqlash va hal etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ishchi guruh a’zolari natriy sulfat ishlab chiqaruvchi “Xorazm sulfat biznes” MChJ, “Xiva klaster” MChJ va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “UZTEX GROUP” MChJ, shisha mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Xorazm shisha mahsulotlari” MChJ kabi qator ob’ektlarda bo‘ldilar. “Yangibozor” EIZda yaratilgan infratuzilmaviy sharoitlar, “IT-Park Xorazm”, “Grand Dream House” MChJ sintepon ishlab chiqarish loyihasi, “Xorazm voha gilamlari” MChJ gilam fabrikasi va “Xorazm Insulation Group” MChJ qurilish materiallari ishlab chiqarish loyihasi ham o‘rganildi.
Joylarda o‘tkazilgan uchrashuvlarda tadbirkorlar kundalik faoliyatida duch kelayotgan muammolar, korxonalarni kengaytirish va yanada modernizatsiya qilish rejalari bilan o‘rtoqlashdi.
Yo‘nalish bo‘ylab alohida ob’yekt – Xorazm Ma’mun akademiyasiga ham tashrif buyurildi. Bu yerda ishchi guruh o‘quv jarayonlari bilan tanishib, investitsiyaviy, sanoat ishlab chiqarishi va eksport faoliyati sohalarida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha yo‘nalishlarini o‘quv dasturlariga kiritish imkoniyatlarini o‘rgandi.
Joylardagi loyihalarni o‘rganish yakunlari bo‘yicha mas’ul rahbarlarga ko‘tarilgan barcha masalalarni hal qilish choralarini ko‘rish va respublika miqyosida kompleks qarorlar tayyorlash va joriy etishda foydalanish uchun konstruktiv takliflar ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Shu kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov boshchiligida idoralar, tarmoq birlashmalari, mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirokida videokonferensiya tarzida yig‘ilish o‘tkazilib, unda tegishli rahbarlarning hisobotlari tanqidiy tarzda tinglandi. Hududlarda eksport va sanoat ishlab chiqarishining jadal o‘sishini ta’minlash maqsadida olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish va tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.