Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Yaponiya HANWA va Ernst & Young Shinnihon kompaniyalari O‘zbekistonning muqobil energetika bozoriga kiradi

Joriy yilning 20-sentabr kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Oybek Xamrayev Yaponiyaning HANWA va Ernst & Young Shinnihon kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston va yapon hamkorlar bilan muqobil energetika sohasida munosabatlarni kengaytirish va rivojlantirish istiqbollarini, shuningdek, Oʻzbekistonda quyosh panellarini oʻrnatish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun kompaniyaning toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarini jalb qilish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Xorijiy tomon mamlakatimizning sanoat va texnologik salohiyati, shuningdek, energetika sohasida tadbirkorlik va sarmoyaviy faoliyat yuritish uchun yaratilgan qulay investitsiya muhiti, imtiyoz va preferensiyalar bilan yaqindan tanishib chiqdi.

Ma’lumot uchun: 2022-yil 25-oktabrda Qo‘shma kredit mexanizmi (JCM) bo‘yicha mamlakatlarimiz hukumatlari o‘rtasida imzolangan Hamkorlik memorandumi doirasida Yaponiya Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi Hanwa kompaniyasiga O‘zbekistonda muqobil energiya sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun subsidiya sifatida 200 ming dollar ajratdi.

Uchrashuv yakuni bo‘yicha tomonlar o‘rtasida mamlakatimizda quyosh panellarini o‘rnatish loyihasini birgalikda amalga oshirish yuzasidan amaliy ishlarni boshlashga kelishildi.