China State Construction kompaniyasi bilan uchrashuv bo'lib o'tdi
Joriy yilning 4-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir o‘rinbosari Oybek Xamraev va China Construction kompaniyasi direktori o‘rinbosari Syan Shangmou o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ma'lumot uchun: CSCEC Construction and Engineering Corporation 1982 yilda tashkil etilgan bo'lib, dunyodagi eng yirik investitsiya va qurilish korporatsiyalari guruhi hisoblanadi va Xitoy hukumatiga bevosita bo'ysunadi. 2021 yilda CSCEC shartnomalarining umumiy qiymati 450,5 milliard dollarga yetdi. Kompaniya Fortune jurnalining 2021-yildagi reytingi bo'yicha dunyoning 500 ta eng yirik kompaniyalari orasida 13-o‘rinni egalladi.
Uchrashuvda Xitoy kompaniyasining O‘zbekistonda shahar va transport infratuzilmasini qurish sohalarida loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish istiqbollari muhokama qilindi.
Xitoy tomoni ushbu yo‘nalishlarda innovatsion ishlanmalar va ilg‘or tajribalarni joriy etgan holda loyihalarni birgalikda amalga oshirishga qiziqishini bildirdi. O‘z navbatida, O‘zbekiston tomoni Xitoy kompaniyasining mamlakatimizdagi sarmoyaviy tashabbuslari va kelgusi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish doirasida hamkorlikni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishdilar.