BAAning DP World kompaniyasi “Navoiy” EIZ samaradorligini oshiradi
Joriy yilning 6-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida videokonferensaloqa tarzida 2022-yil 25-noyabrdagi BAAning DP World kompaniyasi bilan “Navoiy” EIZni boshqarish to‘g‘risidagi bitimda o‘z aksini topgan “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha loyihasining amaliy ijrosi muhokamasiga bag‘ishlangan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarda Vazirlik, Navoiy viloyati mahalliy hokimiyat organlari, DP World kompaniyasi va “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi vakillari ishtirok etdi.
Xususan, EIZ faoliyati samaradorligini oshirish va rivojlantirish rejalari tahlil qilinib, ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar kelishib olindi. Ustuvor vazifalar qatorida “Navoiy” EIZ rezidentlari sifatida yetakchi xalqaro kompaniyalarni, jumladan, BAAda joylashgan “Jebel Ali” erkin iqtisodiy zonasining yirik ishlab chiqarish korxonalarini jalb etish masalalari belgilandi.
Ma’lumot uchun: DP World dengiz va quruq portlar, konteyner terminallari, sanoat parklari va erkin iqtisodiy zonalarning dunyodagi eng yirik operatorlaridan biri hisoblanadi. U Jebel Ali porti va erkin iqtisodiy zonasi (BAA), London Gateway (Buyuk Britaniya), Qingdao (XXR), Busan (Koreya), Rotterdam World Gateway (Niderlandlar) va boshqa port va konteyner terminallarini boshqaradi.
Kompaniya olti qit'adagi 40 ta mamlakatda joylashgan 78 ta dengiz va ichki terminallarga ega.