Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Orolbo'yi mintaqasini rivojlantirish choralari muhokama qilindi

Joriy yilning 2 avgust kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev BMTning O'zbekiston Respublikasidagi doimiy koordinatori Roli Astxana bilan uchrashdi.

Suhbat davomida Orolbo'yi mintaqasida turmush darajasini oshirish bo'yicha tasdiqlangan loyihalarni amalga oshirish borasidagi hamkorlik, shuningdek, Orolbo'yi mintaqasi uchun BMTning Inson xavfsizligi bo'yicha ko'p tomonlama sheriklik Trast jamg'armasi doirasida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Xususan, tomonlar BMT Bosh Assambleyasining “Orolbo'yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e'lon qilish to'g'risida”gi qarorini bajarish maqsadida qabul qilingan Orolbo'yi mintaqasining ekologik muvozanati va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta'minlash bo'yicha ko'p tomonlama "Yo'l xaritasi"ni amalga oshirish jarayonini ko'rib chiqdilar. Hujjatda 14 ta ustuvor yo'nalish va 230 ta loyihaviy takliflar mavjud bo'lib, ularning umumiy qiymati 210 million AQSh dollarini tashkil etadi.

Tomonlar mintaqaga investitsiyalarni yanada jalb qilishning muhimligi va Trast jamg'armasi faoliyatini kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar. Bugungi kunga qadar jamg'arma strategiyasi doirasida Orolbo'yi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ustuvor yo'nalishlariga muvofiq turli loyihalarni moliyalashtirish uchun 244 million dollarga yaqin mablag' jalb qilingan. Bundan tashqari, jamg'arma tomonidan 5 ta qo'shma dastur moliyalashtirildi, bu esa o'z navbatida Qoraqalpog'istonning 48 ming aholisining hayot sifati yaxshilanishiga ijobiy ta'sir ko'rsatdi.

Tomonlar Jamg'armaning 2024-2030 yillarga mo'ljallangan faoliyatining keyingi bosqichini amalga oshirishga sodiqligini bildirdilar. Shu munosabat bilan Jamg'armaning yangi strategiyasi ishlab chiqiladi va donorlarni jalb qilish bo'yicha ishlar jadallashtiriladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan yo'nalishlar doirasida o'zaro hamkorlik qilish bo'yicha navbatdagi tadbirlarni kelishib oldilar va ustuvor masalalarni tezkor hal etish maqsadida birgalikda ish olib borish yuzasidan yakdil fikr bildirdilar.