Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

"O'zsanoatqurilishbank" ATB faoliyati o'rganildi

O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Toshkent shahridagi “O'zsanoatqurilishbank” ATBga tashrif buyurib, ushbu moliya muassasasining joriy faoliyati va rivojlanish rejalari bilan tanishdi.

Uchrashuv davomida Bank rahbariyati taqdim etilayotgan xizmatlar, jalb qilingan kredit liniyalari, moliyalashtirilgan loyihalar, xorijiy hamkorlar, bankni transformatsiyalash doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, axborot texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, ushbu moliya instituti qoshida tashkil etilgan o'quv va IT-markazlar to'g'risida taqdimot o'tkazildi.

Xususan, 2022-yilda Bank tomonidan sanoat, qishloq xo'jaligi va xizmat ko'rsatish sohalarida 15,6 trillion so'mlik 1680 ta loyiha moliyalashtirilayotgani, shundan 70 foizi foydalanishga topshirilgani qayd etildi.

Bank qoshida tashkil etilgan o'quv va IT-markazlarning batafsil taqdimoti bo'lib o'tdi. Markazda asosiy maqsadga erishildi, jumladan, qulay ijodiy muhit, xodimlar uchun xavfsiz va zamonaviy mehnat sharoitlari yaratildi. O'quv markazi biznes-murabbiylar zali, ma'ruza zali, keng kutubxonadan iborat bo'lib, IT-markaz dasturchilar, menejerlar, server xonalari va muzokaralar xonalarini o'z ichiga oladi.

O'quv markazining asosiy maqsadi bank xodimlarining kasbiy tayyorgarligi darajasini oshirish, xodimlarni doimiy takomillashtirish mexanizmlarini joriy etish hamda strategik va bank amaliyoti maqsadlariga erishish uchun zarur bo'lgan ko'nikmalarni o'zlashtirishdir.

Markazda "Scrum" va "KANBAN" zamonaviy usullari asosida bank loyihalarini boshqaradigan "Agile" guruhlari mavjud. Ular bank tizimida joriy etilayotgan yangi loyihalar va xizmatlarning ishga tushirilishini qo'llab-quvvatlaydilar va o'zlari muassasaning strategik vazifalaridan kelib chiqqan holda dasturiy mahsulotlar yaratadilar. Bugungi kunga qadar markazda "Yagona oyna", "SQB Business", "Kredit konveyyeri" va "Joyida" kabi loyihalar ishga tushirildi. Bu bankdagi moliyaviy texnologiyalarni (Fintex) rivojlantirishni keyingi bosqichga olib chiqish uchun asos yaratadi.

Uchrashuv yakunida "O'zsanoatqurilishbank" mas'ul rahbarlariga xizmatlarni yanada rivojlantirish va sifatini oshirish bo'yicha tegishli topshiriqlar va tavsiyalar berildi.