Pokiston diplomatik missiyasi rahbari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 27-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Ahmad Faruk bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari hamda o‘zaro hamkorlikni yanada faollashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlashning ijobiy dinamikasi qayd etildi.
Transport va logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari alohida ko‘rib chiqildi. Keyingi yillarda yuk tashish hajmi qariyb 5 barobar oshgani qayd etildi. Transport infratuzilmasini rivojlantirishni nazarda tutgan holda mavjud bo‘lgan imkoniyatlardan to‘liq foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘rishga kelishildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar rejaga kiritilgan va yangi qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq qilish bo‘yicha kelgusidagi hamkorlik formatini kelishib oldilar hamda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga o‘zaro intilishlarini tasdiqladilar.