Turkiyaning Chengiz Enerji kompaniyasi O‘zbekistonda investitsiya loyihalari portfelini kengaytirishni rejalashtirmoqda
Joriy yilning 14-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Turkiyaning Chengiz Enerji kompaniyasi ijrochi direktori Ahmet Cengiz bilan uchrashdi.
Tomonlar muvaffaqiyatli amalga oshirilgan qo‘shma loyihalar natijasida erishilgan yutuqlarni hamda mamlakatimiz energetika sohasini rivojlantirishda investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
nvestitsiXususan, 2022-yil iyun oyida Toshkent viloyatida 240 MVt va Sirdaryo viloyatida 220 MVt quvvatga ega zamonaviy bug‘-gaz elektr stansiyalarini ishga tushirilganligi qayd etildi.
Turkiya kompaniyasi rahbari birgalikda va hamjihatlikda olib borilgan ishlarning muvaffaqiyatini ta’kidlab, kompaniya elektr energiyasi ishlab chiqarish sohasidagi investitsiya loyihalari portfelini kengaytirish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Shu tariqa, Jizzax viloyatida quvvati 400 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasini ishga tushirish loyihasi taklif etildi. Ushbu tashabbus yiliga 286 million kub metr gazni tejash imkonini beradi, bu esa pulga hisoblaganda 103 million dollarga teng.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar yangi loyihani amalga oshirish maqsadida kelgusidagi hamkorlik formati bo‘yicha kelishib oldilar.
Ma'lumot uchun: Chengiz Enerji 2000-yilda tashkil etilgan. Kompaniya elektr energiyasini ishlab chiqarish va taqsimlash, tabiiy gaz savdosi va taqsimoti, tabiiy gazda ishlaydigan kombinatsiyalashgan elektr stansiyalarini qurish yo‘nalishlarida faoliyat olib boradi. Hozirda kompaniya energetika sohasida umumiy quvvati 5000 MVt bo‘lgan 9 ta foydalanishga topshirilgan va 4 ta qurilayotgan loyihani boshqaradi. Turkiya Respublikasidagi elektr energiyasining 30 foizi Chengiz Enerji stansiyalarida ishlab chiqariladi. Xodimlar soni butun dunyo bo'ylab 20 000 dan ortiq kishini tashkil qiladi.