Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Turkiyaning “Albayrak Holding” kompaniyasi O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish niyatida

Joriy yilning 10-noyabr kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Turkiyaning “Albayrak Holding” kompaniyasi Koordinatori Erdal Nalbant bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Ma'lumot uchun: Albayrak Holding 1952 yilda tashkil topgan. Uning tarkibiga 127 ta kompaniya kiradi va xodimlar soni 15 ming kishidan oshadi. Xolding qishloq xo‘jaligi, chiqindilarni qayta ishlash, qog‘oz mahsulotlarini ishlab chiqarish, transport va logistika, mashinasozlik, infratuzilmaviy rivojlanish va boshqa sohalarda loyihalarni amalga oshiradi.

Tomonlar raqamlashtirish, infratuzilma obyektlarini qurish va mashinasozlik sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda ikki tomonlama munosabatlarni faollashtirish va hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar.

“Albayrak Holding” koordinatori O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va yaratilgan qulay sarmoyaviy muhitni yuqori baholadi. Bu, o‘z navbatida, sarmoyaviy doiralarda mamlakatimizga ishonchining mustahkamlanishiga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmining oshishiga, texnologik innovatsiyalarni jalb etilishiga, yangi qo‘shma korxonalar tashkil qilinib, ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qilmoqda.

Uchrashuvda Turkiya investitsiyaviy va sanoat doiralari uchun Markaziy Osiyo mintaqasida sarmoya kiritishning qulay yo‘nalishini tanlash va o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishda o‘ziga xos mayoq bo‘lgan kompaniyaning mamlakatimizdagi muvaffaqiyatli faoliyati qayd etildi.

Xususan, O‘zbekiston shaharlarida “Yo‘l harakati qoidabuzarliklarini aniqlashning avtomatlashtirilgan foto va video qurilmalarini o‘rnatish” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning borishi ko‘rib chiqildi. Tomonlar tizimni o‘z vaqtida ishga tushirish bo‘yicha samarali choralar ko‘rish zarurligini ta’kidladilar.

Konstruktiv fikr almashish chog‘ida loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqildi va yangi kelishuvlar bo‘yicha ishlarni boshlash muddatlari belgilab olindi.