Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Gender masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi Milliy dasturda belgilangan vazifalar ijrosini muhokama qildi

2023-yilning 11-may kuni Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi, unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yana-da jadallashtirish yuzasidan qabul qilingan farmon va qarorlarida, shuningdek, 2022–2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha Milliy dasturda belgilangan vazifalar ijrosining borishi muhokama qilindi.

Majlisni Komissiya raisi, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Senat Raisi mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, faolligini oshirish, ular uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, ayniqsa, xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilishning huquqiy va institutsional asoslarini mustahkamlash yo‘lida muhim choralar ko‘rilayotganiga eʼtibor qaratdi.

Xususan, 2022-yilda ushbu yo‘nalishdagi huquqiy asoslarni mustahkamlash maqsadida 27 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilinib, ijroga qaratildi.

“Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” Qonun qabul qilindi. Qonun bilan xotin-qizlarga nisbatan amalga oshirilgan turli tazyiq va zo‘ravonliklar uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi. Majlisda mazkur Qonun birinchi navbatda keng jamoatchilik va xalqaro hamjamiyat tomonidan iliq kutib olingani va to‘liq qo‘llab-quvvatlangani taʼkidlandi.

Shuningdek, Xotin-qizlarning davlat organlarida faolligini oshirish dasturi, BMT Xavfsizlik Kengashining 1325-sonli “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” rezolyutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” va Milliy Rejasi tasdiqlandi hamda ijroga qaratildi.

2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2023-yilda amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi va ijroga qaratildi.  

Xotin-qizlarning taʼlim olishlari asosiy ustvor yo‘nalishlardan biri etib belgilandi va maxsus tavsiyanoma asosida ehtiyojmand xotin-qizlarning 1 982 nafari, besh yil mehnat stajiga ega, ammo oliy maʼlumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlarning 507 nafari oliy taʼlim muassasalariga davlat granti asosida talabalikka qabul qilindi.

Shuningdek, magistratura bosqichda taʼlim olayotgan 12 300 nafar, bakalavr yo‘nalishida o‘qiyotgan kam taʼminlangan ehtiyojmand 2053 nafar xotin-qizning kontrakt to‘lovlari to‘lab berildi, 139 mingdan ortiq talaba xotin-qizlarga 7 yil muddatga foizsiz taʼlim krediti ajratildi.

Xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatiga o‘qitish ishlariga alohida eʼtibor qaratilib, 252 mingdan ziyod ayollar kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi, 623 mingdan ziyod xotin-qizlar bandligi taʼminlandi, 193 mingdan ziyod ayollarga 3,9 trln so‘m kredit ajratildi.

3 mln 336 mingdan ziyod xotin-qizlar birlamchi onkoskrining tekshiruvidan, 1 mln 13 mingga yaqin nuroniy onaxonlar esa chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan 645 mingga yaqin xotin-qizlar bilan individual dastur asosida ishlandi va muammolarini hal etish choralari ko‘rildi, 12,9 mingga yaqin xotin-qizlarning uy-joy sharoitlari yaxshilandi, ijtimoiy himoyaga muhtoj 6 876 nafar xotin-qiz jami 7,3 mrld so‘mlik reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlandi.

Boshqa davlatlarga chiqib ketgan 121,7 ming xotin-qiz va ularning 25,9 ming voyaga yetmagan farzandlarining aniq manzilli ro‘yxatlari shakllantirildi. 6 096 bolaga vasiylik va homiylik o‘rnatildi, 11683 bola nazoratsiz qolishining oldini olish choralari ko‘rildi.

Majlisda Respublika komissiyasi tomonidan kelgusida amalga oshiriladigan ishlar ham muhokama qilindi.

Xususan, korxona, tashkilot va muassasalarda gender tenglikni taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahat kengashlarini tuzish, ularning mutaxassislarini o‘qitish, xotin-qizlarni kasbga o‘qitish, bandligini taʼminlash, mehnat joylarida ayollar uchun qulay va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, hududlarning o‘sish drayverlaridan kelib chiqib, ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish vazifalari belgilab olindi.

https://senat.uz/post/post-761