Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Gender tenglikka erishish strategiyasi ijrosi muhokama qilindi

Joriy yil 6 iyun kuni Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari Qo‘mitasi tomonidan senatorlar, Qo‘mita ekspertlari guruhi aʼzolari, vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2023-yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosining borishi muhokama qilindi.

Dastavval gender tenglikni taʼminlash, ayollarning ijtimoiy va siyosiy hayotdagi rolini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha maʼlumot berildi.

Qayd etilganidek, siyosiy partiyalar tomonidan “Siyosatchi ayollar” to‘g‘risida 100 yaqin media mahsulotlar tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlar orqali yoritilgan, shuningdek, partiyalarning ijtimoiy-siyosiy nashrlari (gazeta, jurnal) orqali gender tenglik mavzusiga oid 300 dan ortiq materiallar chop etilgan.

Milliy kadrlar zahirasida xotin-qizlar ulushini 30 foizga yetkazish maqsadida “Rahbar ayollar maktabi” o‘quv dasturiga muvofiq 53 nafar tinglovchi xotin-qiz o‘qitilib, Milliy kadrlar zahirasiga kiritilgan.

Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari tomonidan mehnat jamoalarida zo‘ravonlik turlari va ularning oldini olish bo‘yicha qisqa muddatli seminar-treninglar tashkil etilib, jami 2 mingdan ziyod ishtirokchi qamrab olindi.

Xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan 10 962 ta tarqatma materiallar, 398 ta videoroliklar tayyorlangan, shuningdek, mahalla, taʼlim muassasalari hamda korxona va tashkilotlarda 10 000 dan ortiq uchrashuv, davra suhbatlari o‘tkazilgan.

Senatorlar tomonidan Gender tenglikka erishish strategiyasida belgilab berilgan vazifalar, chora-tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish hamda bu boradagi ishlarni kuchaytirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Muhokama jarayonida o‘z vaqtida bajarilmayotgan ayrim vazifalar ijrosiga eʼtibor qaratilib, vazirlik va idoralarga tegishli tavsiyalar berildi.

Xususan, barcha davlat organlaridagi xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash bo‘yicha Maslahat kengashlari aʼzolarini alohida dastur asosida o‘qitish, gender stereotiplarni bartaraf etishga qaratilgan video va audio materiallarni ommabop ijtimoiy tarmoqlar va bloglarda keng targ‘ib qilish, davlat boshqaruvi organlari mehnat jamoalarida zo‘ravonlik turlari va ularning oldini olish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quvlar qamrovini kengaytirish zarurligi aytib o‘tildi.

Muhokama yakunida Qo‘mitaning bildirilgan taklif va tavsiyalarni inobatga olgan qarori qabul qilindi.

 

https://senat.uz/post/post-822