Elektr energiyasi eksporti bo‘yicha vazirlar uchrashuvi
14-noyabr kuni Bokuga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qozog‘iston tegishli vazirlarining elektr energiyasini ishlab chiqarish va eksport qilish masalalari bo‘yicha uch tomonlama uchrashuvida ishtirok etdi.
Uchrashuvda, shuningdek, Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov, Ozarbayjon Respublikasi Energetika vaziri Parviz Shahbazov, Qozogʻiston Respublikasi Energetika vaziri Almasadam Satkaliev va Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov qatnashdi.
Suhbat chog‘ida muqobil manbalardan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini mintaqa davlatlari hududlari orqali uchinchi davlat iste’molchilariga o‘tkazishni tashkil etish loyihasini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Yangi quvvatlar va ish oʻrinlarini yaratish kabi multiplikativ samarani nazarda tutgan holda, loyihaning amalga oshirilishi kabel yoʻnalishi boʻylab joylashgan mamlakatlarning energetika sohasidagi hamkorligi va infratuzilmalarini rivojlantirish uchun muhimligi qayd etildi.
“Yashil” elektr energiyasini uzatish loyihasini hayotga tatbiq etish iqtisodiyotimiz va energetika tizimlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga yordam beradi, shuningdek, milliy energetika tarmoqlarini rivojlantirishga zamin yaratadi va biz ushbu tashabbusni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun birgalikdagi ishlarga hissa qo‘shishga tayyormiz”, - dedi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov.
Shuningdek, Ozarbayjon va Qozog‘iston vakillari davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan asosiy maqsad – 2030 yilga kelib elektr energiyasi ishlab chiqarishning umumiy hajmida qayta tiklanadigan energiya ulushini 40 foizga yetkazish doirasida yuqori texnologiyali tarmoqlar faoliyatini va “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan ham tanishdilar.
Uchrashuvda loyihani amalga oshirishning bir qator muhim jihatlari, jumladan, normativ-huquqiy bazani shakllantirishning asosiy shartlari, texnik-iqtisodiy samaradorligining konseptual parametrlari ham muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha loyiha doirasida kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishga sodiqlik bildirildi hamda kelgusida idoralararo hamkorlik formati ishlab chiqilib, erishilgan kelishuvlarni muvaffaqiyatli hayotga tatbiq etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasi shakllantirildi.