Misrning «Hassan Allam Holding» kompaniyasi O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish niyatida
Joriy yilning 28-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov “Hassan Allam Holding” kompaniyasi ijrochi direktori Mahmud El-Essaviy bilan muzokaralar o‘tkazdi. Suhbatda asosiy e’tibor kompaniya tajribasi va investitsiyalarini jalb qilish istiqbollari va mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim tarmoqlarida loyihalarni birgalikda amalga oshirishga qaratildi.
Ma’lumot uchun: Hassan Allam Holding 1936 yilda tashkil topgan. Misrdagi eng yirik moliyaviy va sanoat korporatsiyalaridan biri. Oxirgi 5 yil ichida u Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlarida 70 ta loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirdi. “Forbes” kompaniyani 100 ta eng yaxshi arab oilaviy korxonalar reytingiga kiritgan. Aktivlari - 8 milliard dollar, ishchilar soni esa - 45 ming nafar xodimni tashkil qiladi.
Misr tomoni O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan o‘zgarishlarni yuqori baholadi va qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq qilishda ishtirok etishga tayyorligini bildirdi. Xususan, energetika, suv ta’minoti, metall va kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish kabi sohalardagi hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni imzolash va erishilgan kelishuvlarni bajarishga kirishish yuzasidan kompaniya bosh direktorining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish masalasi kelishib olindi.