O‘zbekistonda muqobil energiya manbalaridan foydalangan holda yuk tashish transporti ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi
Joriy yilning 25-sentabr kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Olimxon Rustamov va FAW Jiefang Automobile direktorlar kengashi raisi hamda partiya qo'mitasi kotibi Xu Xanze o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: 1953-yilda tashkil etilgan FAW Group Xitoyning birinchi mashinasozlik kompaniyalaridan hisoblanadi. Avtomobil ishlab chiqarish hajmi bo'yicha Xitoyda ikkinchi o'rinda, og'ir yuk tashuvchi tijorat transporti bo'yicha esa birinchi o'rinda turadi. Kompaniyaning o'rta va katta hajmli mashinalari Xitoyda eng ko'p sotiluvchi yuk avtomobillari qatoridan o'rin olgan.
Suhbat davomida Xitoyning China FAW Group Co Ltd kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonning UzAuto Trailer va Vodiy Universal Majmua kompaniyalari bilan birgalikda Andijon viloyatida turli hajmdagi yuk tashuvchi avtomobillarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarning amalga oshirilishi muhokama qilindi.
Shu bilan birga, muqobil energiya manbalaridan foydalangan holda yuk avtomobillarini ishlab chiqarish bo‘yicha avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Viloyatdagi tegishli kichik va o‘rta biznes uchun o‘sish omili sifatida ushbu sohani rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakuni bo‘yicha tomonlar muhokama qilingan loyiha va tashabbuslar doirasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlarni belgilab oldilar.