Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

TIIF-2023: ESGning asosiy tamoyillari

27-28 aprel kunlari ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi boʻlib oʻtmoqda, uning doirasida ekspertlarning 30 dan ortiq muhokama uchrashuvlari, jumladan panel sessiyalari, davra suhbatlari va B2B muzokaralari rejalashtirilgan.

Forumning birinchi kunida mavzulardan biri biznesdagi ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv bo‘lib, “ESG – biznes transformatsiyasi” deb nomlangan panel sessiyasi mavzusi bo‘ldi.

ESG (Ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv) — bu investorlar potentsial investitsiyalarni tekshirish uchun foydalanadigan kompaniya faoliyati standartlari to‘plami. ESGning uchta tamoyili: atrof-muhitga jiddiy munosabat, ijtimoiy mas’uliyat va korporativ boshqaruvning yuqori sifati.

O‘zbekistonda ESG kun tartibi endigina kuchayib bormoqda va asosan IPOga (kompaniya aksiyalarini fond birjasida birinchi ommaviy joylashtirish) tayyorlanayotgan yirik kompaniyalarda qo‘llaniladi. Shu bilan birga, kichik va o‘rta biznes subyektlari ESG afzalliklaridan to‘liq xabardor emas.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining doimiy vakili Matilda Dimovska, “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Rashid Pirmatov, KPMG hamkori Gabit Musrepov, “Gudson Sandler” kompaniyasi vakili Charli Jek, Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Adalat Abdumanapova va CARE CSR asoschisi va direktori Malika Sharipova muhokamada ma’ruza qildi. 

Moderator Boston Consulting Group hamkori va direktori Konstantin Polunin bo‘ldi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining doimiy vakili Matilda Dimovska o‘z nutqi davomida ESG loyihasini ishlab chiqishda birdamlik uchun o‘zbek hamjamiyatiga samimiy minnatdorlik bildirdi.

“O‘zbekiston global mas’uliyat sari qadam tashlay boshladi”, dedi Dimovska. Uning taʼkidlashicha, O‘zbekiston ESG loyihasi bilan yashil iqtisodiyotga tobora ko‘proq qo‘shilmoqda va respublikada ESGni rivojlantirish uchun xususiy sektorning yordami zarur, u iqlim bilan bogʻliq masalalarda oʻziga xos sherik boʻlishi shart. 

“ESG keng mavzu. Endi biz biznes tomonidan ESG konsepsiyasini noto‘g‘ri tushunishni ko‘rmoqdamiz. Ko‘pgina ishbilarmonlar ESGni alohida komponentlar sifatida ko‘rmoqda. Ular daraxt ekishadi va ekilgan daraxtlarni loyihaga tegishli deb hisoblaydi. Lekin ESG murakkabroqdir”, — deydi XMKning Markaziy Osiyodagi korporativ boshqaruv bo‘limi rahbari Adalat Abdumanapova.

U shuningdek, ESGning uchta asosiy elementini aytib o‘tdi. Birinchisi — xavf (bank uchun kredit, investorlar uchun sarmoya). Ikkinchisi — atrof-muhit va jamiyatga ta’siri. Uchinchisi katta maydon — imkoniyatlar.

Shuningdek, panel sessiyasi davomida XMKning Markaziy Osiyodagi korporativ boshqaruv bo‘limi rahbari Adalat Abdumanapovadan ESGga qanday o‘tishni boshlash haqida savol berildi. Uning fikricha, korporativ boshqaruv sohasida birinchi qadamlar qo‘yilishi kerak.

Mutaxassislar O‘zbekistonda ESG rivojlanishini faol muhokama qildi.

“ESG kun tartibi allaqachon shu yerda. O‘ylaymanki, hozirgi dinamikani inobatga olsak, kelgusi bir-ikki yil ichida u yanada rivojlanadi”, — deydi KPMG hamkori Gabit Musrepov O‘zbekiston haqida ishonch bilan.

CARE kompaniyasi direktori Malika Sharipova ham bu borada o‘z fikrlarini bildirdi:

“Besh yil avval O‘zbekistonda biznes ijtimoiy amaliyotni joriy etishga tayyor emas edi. Ammo hozir respublika dunyoga tobora kengroq ochilmoqda. Mening fikrimcha endi yirik kompaniyalar uchun — “ha”, kichik va o‘rta biznes uchun — jarayonda. Men yillar davomida ESGni amalga oshirish, majburiy mehnatdan voz kechish va ish muhitini yaxshilash orqali kompaniyalar o‘zgarganini ko‘rdim. Bunday ishlar O‘zbekistonda ham olib borilayotganidan xursandman”, — deydi u. 

ESGning muhim elementlaridan biri bu ijtimoiy mas’uliyatdir.

“Korxonalarda ishlayotgan insonlar sog‘lom, baxtli bo‘lsa va kompaniya rivojida ishtirok etsa, bu ESG ishlayotganining ko‘rinishidir. “S” harfi (jamiyat tahr.) markaziy va asosiy bo‘ladi,” - deydi Konstantin Polunin.

U norasmiy bandlikning dolzarb ijtimoiy muammosi mavjudligini taʼkidlab, statistik maʼlumotlarni keltirdi. Unga koʻra rivojlanayotgan mamlakatlarda norasmiy bandlik 50 foizni, rivojlangan mamlakatlarda esa bu koʻrsatkich 20 foizni tashkil etadi.